Toshkentda Shanhay Xalqaro biznes-maktabi ochiladi
Toshkentda Shanhay Xalqaro biznes-maktabi ochiladi. Tegishli kelishuv Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori Abdumalik Jumanovning Xitoyga safari vaqtida imzolangan. Loyiha hamkori Shanhay universiteti (Shanghai University) hisoblanadi, deb xabar bermoqda “Jahon” axborot agentligi.

Biznes-maktab Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti tizimida tashkil etiladi. Ta`lim muassasasi Shanhay universiteti bakalavr va magistr darajasini olish imkonini beruvchi ta`lim dasturini taqdim qiladi. Biznes-maktabning yana bir vazifasi startaplarga ko'mak ko'rsatish maqsadida tadqiqotlar va biznes vakillari bilan maslahatlashuvlar o'tkazish bo'ladi. Biznes-maktabni yaratish haqidagi yakuniy kelishuvni 2018 yilning birinchi yarmida imzolash ko'zda tutilgan.
Shuningdek, Shanhay xalqaro tadqiqotlar universitetida O'zbekistonni o'rganish markazini tuzish haqida kelishuvga erishilgan. Ushbu ta`lim maskani rahbariyati o'zbekistonlik yosh olimlarga Xitoyda ta`lim olish uchun stipendiyalar taqdim qilish istagini bildirgan. O'z navbatida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida Xitoy tadqiqotlari ilmiy laboratoriyasi ochiladi.
Manba: Kun.uz