Mamurjon Akhmatjonov
1 yil avval - 48 Saniye
tr
az
en
kk
ky
uz
ru
tk

O‘zbekistonda Islom akademiyasi tashkil etiladi

O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Islom sivilizatsiyasi markazi va Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti taklifiga asosan O‘zbekiston Islom akademiyasi tashkil etiladi. Bu Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2017-yil 15-dekabrda imzolangan qarorda ko‘zda tutilgan, deya xabar beradi O‘zA.


O‘zbekistonda Islom akademiyasi tashkil etiladi


O‘zbekiston Islom akademiyasi huzurida magistratura (2 yil), tayanch doktorantura (3 yil) va doktorantura (3 yil) faoliyat yuritadi. O‘qish va ilmiy mashg‘ulotlar kontrakt-grant asosida tashkil qilinadi. Mustaqil tadqiqotchilar uchun masofadan o‘qish, tadqiqot ishlarini mustaqil olib borish imkoniyati yaratiladi, xorijdan doktorantlar va tadqiqotchilar o‘qish va amaliyotga shartnoma asosida qabul qilinadi.

Akademiya huzurida magistrlik va doktorlik dissertatsiyalarini himoya qilish, islomshunoslik fanlari magistri, falsafa doktori va islomshunoslik fanlari doktori ilmiy darajalarini berish bo‘yicha Ixtisoslashgan ilmiy kengash faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

Akademiyada mashg‘ulotlar o‘tkazish, ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish jarayoniga O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti, Toshkent davlat sharqshunoslik instituti, Toshkent islom universiteti, O‘zbekiston Milliy universitetining professorlari, fan doktorlari va nomzodlari, shuningdek, xorijiy davlatlaridan islomshunos olim va mutaxassislar jalb etiladi.

Akademiyada olib boriladigan ilmiy-tadqiqot ishlari natijalari asosida O‘zbekiston Islom ensiklopediyasi, ilmiy-ommabop adabiyotlar, ilmiy-ma’rifiy kitoblar yaratiladi, ilmiy jurnal chop etiladi.

O‘zbekiston Islom akademiyasining tashkil qilinishi oliy diniy ta’lim tizimini yanada takomillashtirish, diniy o‘quv yurtlarida ta’lim sifatini oshirish va zamon talablariga javob beradigan yuqori ilmiy saviyali mutaxassislar tayyorlashga xizmat qiladi.