Mamurjon Akhmatjonov
10 oy avval - 1 Dakika, 4 Saniye
tr
az
en
kk
ky
uz
ru
tk

O'zbekiston sayohat qilish uchun dunyoning eng xavfsiz mamlakatlari reytingida

O'zbekiston sayohat qilish uchun dunyoning eng xavfsiz mamlakatlari ro'yxatidan o'rin oldi. 2018 Global Law and Order hisoboti shundan dalolat bermoqda.


Quyosh, dengiz va qumli sohil - bu sayohat qilishni rejalashtirayotgan vaqtingizda hisobga olinuvchi eng muhim omillardek go'yo, lekin yana bir omil borki, u ham sayohatda muhim ahamiyatga ega, bu - xavfsizlik.

Gallup kompaniyasining amerikalik tadqiqotchilari tomonidan taqdim etilgan Global Law and Order reytingi mahalliy aholi o'zini qanchalik xavfsiz his qilishiga asoslanib tuziladi.

Reyting tuzishda 142 mamlakat fuqarolari orasida mahalliy politsiya faoliyati, yolg'izlikda sayr qilish vaqtidagi xavfsizlik hissi va jinoyatchilikka doir so'rovnoma o'tkazdi.

Hisobotni tuzish davomida Gallup 15 yoshdan katta bo'lgan 148 mingdan ziyod kishini so'roq qildi. Bundan maqsad rasmiy statistika va shaxsiy kechinmalar o'rtasidagi har qanday tafovutlarni aniqlash edi.

Shunday qilib, 2018 Global Law and Order Report reytingiga ko'ra, jinoyatchilik ko'rsatkichlarining pastligi bilan mashhur Singapur 97 ball bilan birinchi o'ringa munosib ko'rildi.

Ikkinchi o'rinda bir vaqtning o'zida Norvegiya, Islandiya va Finlyandiya mamlakatlari nomlari qayd etilgan. 93 balldan to'plashga muvaffaq bo'lgan bu uch mamlakat o'zining tabiati va ekologik toza shaharlari bilan turmush sifati ko'rsatkichlari reytingida muntazam ishtirok etadi.

O'zbekiston 91 ball bilan Gallup reytingida beshinchi o'rinni egalladi. "Qachonlardir qadimiy Buyuk Ipak yo'lining bir qismi hisoblangan Markaziy Osiyoning bu mamlakati so'zsiz go'zal mamlakatdir", deyiladi hisobotda. Shu bilan birga, Honkong ham 91 ball to'plab, ro'yxatning beshinchi o'rnida kelgan.

90 balldan yig'gan Shveytsariya va Kanada ro'yxatning yettinchi pog'onasidan o'rin olgan.

Indoneziya 89 ball bilan ilk o'ntalikka yakun yasadi. Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakati aholisi so'nggi yigirma yilda halokatli terror holatlarining guvohi bo'lganiga qaramay, o'z mamlakatiga ijobiy baho berdi.

Reyting tuzuvchilari fikricha, mazkur ma`lumotlar turizm uchun qiziqarli. Zero 2011 yildagi Misr voqealaridan keyin mamlakat turizm ko'rsatkichlari keskin pasaygan. Shunday bo'lsa-da, Misr bu yo'nalishda zarur choralarni ko'rib, Daniya, Sloveniya, Lyuksemburg, Avstriya, Xitoy va Niderlandiya bilan bir qatorda Gallup reytingining 10-o'rnidan joy oldi.